QISQA JAVOB

Shaoxing mato, ip, paypoq va boshqa tekstil yo‘nalishlari uchun kuchli shahar. Bazada hozir 19 ta lokatsiya bor. Namuna, tarkib, eni va rang talabisiz borish kerak emas.

Mato bilan jiddiy ishlaydigan odam bir payt kelib Shaoxingni ko‘rishi kerak. Guangzhouda ham mato topiladi, lekin Shaoxingning o‘zi tekstilga qurilgan katta yo‘nalish. Shu yerda tanlov juda ko‘p, xato qilish imkoniyati ham ko‘p.

Shaoxing kimga kerak?

  • Mato bilan ishlaydiganlarga
  • Kiyim ishlab chiqaruvchilarga
  • Ip va tekstil xomashyosi izlayotganlarga
  • Paypoq yo‘nalishida ishlaydiganlarga

Agar siz tayyor kiyim sotib olsangiz, Guangzhou ko‘proq kerak bo‘lishi mumkin. Agar matoning o‘zi, tarkibi va ishlab chiqarish masalasi muhim bo‘lsa, Shaoxingga alohida qarash kerak.

19 ta lokatsiya nimani beradi?

  • Mato bozorlari
  • Ip yo‘nalishi
  • Paypoq bozori
  • Tekstilga bog‘liq savdo joylari

Hozircha bazada Shaoxing bo‘yicha 19 ta lokatsiya bor. Keyinchalik marvarid bozori va boshqa foydali joylarni ham qo‘shaman. Men mavjud bo‘lmagan narsani bor deb ko‘rsatmayman; baza tekshirilgan material bilan kengayadi.

“Shunga o‘xshagan mato” demang

  • Mato namunasini olib boring
  • Tarkibini yozing
  • Eni va zichligini belgilang
  • Rang kodi yoki real namuna tayyorlang
  • Kerakli metr va partiya hajmini ayting

Mato savdosida umumiy gap yaxshi natija bermaydi. Telefon rasmining rangi ham aldashi mumkin. Qo‘lingizda namuna va aniq talab bo‘lsa, sotuvchi bilan gaplashish osonlashadi.

Rang va partiya farqini tekshiring

  • Tabiiy yorug‘likda ko‘ring
  • Sun’iy yorug‘likda ham solishtiring
  • Tasdiqlangan namunani saqlang
  • Partiya raqamini yozib oling

Bir partiyadan ikkinchisiga rang yoki sifat ozgina farq qilishi mumkin. Kichik namunada yaxshi chiqqan mato katta partiyada aynan bir xil bo‘lishiga ko‘r-ko‘rona ishonmang.

Kimga Shaoxing kerak emas?

Agar sizga tayyor mahsulotdan ozroq miqdor kerak bo‘lsa, Shaoxing safarini alohida qilish shart bo‘lmasligi mumkin. Bu shahar tekstilni jiddiy o‘rganadigan va keyin ishlab chiqarish yoki katta savdo qiladigan odamga ko‘proq foyda beradi.

Asos: Shukurov Sh. F. — “Xitoyga birinchi qadam”, 2025. Sayt uchun qisqartirilib, amaliy formatda yangilangan.