Guangzhou ko‘p yo‘nalishli savdo shahri. Xitoy Bazasida bu shahar bo‘yicha 119 ta bozor lokatsiyasi bor. Eng muhim ish — mahsulotni aniqlab, bir kunga bitta asosiy yo‘nalish tanlash.
Men Guangzhouga birinchi marta kelgan o‘zbeklarda bir xil xatoni ko‘p ko‘rganman: shaharni bitta katta bozor deb o‘ylashadi. Aslida Guangzhou juda katta, bozorlar esa har xil hududlarda. Oldindan qaysi mahsulot uchun kelganingizni bilmasangiz, vaqtning yarmi yo‘lda ketadi.
Guangzhou kimga mos?
- Kiyim-kechak va tekstil bilan ishlaydiganlarga
- Oyoq kiyim, sumka va aksessuar izlayotganlarga
- Kosmetika, mebel, oshxona buyumlari, avtoaksessuar va boshqa yo‘nalishlarga
Guangzhou bitta mahsulot shahri emas. Shu sababli assortiment ko‘rmoqchi bo‘lgan odamga juda qulay. Lekin “hammasini ko‘rib chiqaman” degan reja bilan emas, aniq kategoriya bilan borish kerak.
Kiyim uchun borsangiz, Shahe yo‘nalishini bilib qo‘ying
O‘zbeklarning katta qismi kiyim uchun Guangzhouga, ayniqsa Shahe tarafga boradi. Bu to‘g‘ri yo‘nalish, lekin Guangzhou faqat Shahedan iborat emas. Kiyim turi, narx darajasi va mijozingizga qarab boshqa hududlar ham kerak bo‘lishi mumkin.
Mehmonxonani faqat bozor yonidan olmang
- Halol restoranlar yaqinligini tekshiring
- Metroga chiqish oson bo‘lsin
- Kechqurun ovqat izlab uzoqqa yurib qolmang
Men ko‘pincha halol restoranlar ko‘p hududdan mehmonxona olishni maslahat beraman. Kun bo‘yi bozor aylanib charchagandan keyin yana ovqat izlab yurish yoqmaydi. Bozorga metro yoki taksida qatnash mumkin, lekin kechqurun qulay ovqatlanish katta yengillik beradi. Zhang Qian Lu atrofi shu sababli ko‘p chet elliklarga qulay tushadi.
119 ta lokatsiya nimani anglatadi?
- Kiyim-kechak
- Oyoq kiyim
- Sumka
- Kosmetika
- Elektronika
- Oshxona buyumlari
- Tekstil
- Qurilish
- Mebel
- O‘yinchoq
- Avtoaksessuar
- Taqinchoq
- Tibbiyot buyumlari va boshqa yo‘nalishlar
Men kategoriyalarni ichki kiyim, bolalar kiyimi deb mayda bo‘lib ketmaganman. Odam avval asosiy yo‘nalishni topadi, keyin guruh ichidagi postlardan kerakli joyni tanlaydi.
Bir kunni qanday rejalash kerak?
- Bir kunga bitta asosiy savdo hududi
- Manzilning Xitoycha nomini telefoningizga saqlang
- Kerakli mahsulot ro‘yxatini oldindan yozing
- Kun oxirida topgan narx va kontaktlaringizni tartiblang
Guangzhouda masofa va tirbandlikni hisobga olmaslik eng ko‘p vaqt yediradigan xato. Bir kunda kamroq joyga boring, lekin har birini yaxshiroq ko‘ring.
Asos: Shukurov Sh. F. — “Xitoyga birinchi qadam”, 2025. Sayt uchun qisqartirilib, amaliy formatda yangilangan.



